안녕하세요! 토미입니다.
Bugun sizga ikkita unli — 에 va 애 ni oʻrgataman.
Video dars (ingliz tilida).
Koreys tilini oʻrganayotgan koʻpchilik mendan: “Tammy, 에 va 애 ning talaffuzini qanday farqlasak boʻladi?” deb soʻraydi.
Mening javobim: ular mutlaqo bir xil eshitiladi.
Baʼzi oʻqituvchilar bu tovushlar har xil talaffuz qilinadi, deyishi mumkin va siz chalkashib qolasiz.
Lekin aslida ular mutlaqo bir xil.
Keksa avlod yoki yangiliklar boshlovchilari 에 va 애 ni farqlay olishi mumkin.
Lekin kundalik suhbatda, menga ishoning, koreyslarning koʻpchiligi 에 va 애 orasidagi farqqa eʼtibor bermaydi.
(Adabiy talaffuz meʼyoriga koʻra, 애 aytilganda ogʻiz 에 ga qaraganda sal kengroq ochiladi. Biroq kundalik suhbatda koreyslarning koʻpchiligi ikkalasini bir xil talaffuz qiladi. Ikkalasi ham oʻzbekcha “e” tovushiga yaqin eshitiladi.)
Talaffuzi bir xil boʻlgani uchun koreys tilini oʻrganayotganlar imloda tez-tez adashadi, hatto koreys tili ona tili boʻlganlar ham baʼzan ikkilanib qolishadi.
Bu unlining shakliga qarang.
에 — 어이 ning birikmasi
애 — 아이 ning birikmasi
(Aniqrogʻi, ㅔ unlisi ㅓ va ㅣ dan, ㅐ esa ㅏ va ㅣ dan tuzilgan. 어이 va 아이 — harfning shaklini aytish uchun ishlatiladigan nom.)
Koreyslar ularni 에 ni 어이, 애 ni esa 아이 deb aytib farqlashadi.
Masalan, men oʻrta maktabning yuqori sinfida oʻqiganimda, bir doʻstim 에, 어이 va 애, 아이 ning imlosida juda chalkashardi.
Doʻstim mendan shunday soʻragan edi:
“Tammy, 무지개 (kamalak) soʻzidagi 개 qanday yoziladi?”
Shunda men: “E, bu 아이 bilan yoziladigan 개” deb javob berardim.
Koreys tilini oʻrganish jarayonida sizda ham shunday savollar tez-tez paydo boʻladi.
Shuning uchun 에 va 애 ning toʻgʻri imlosi haqida soʻraganingizda, 에 ni 어이, 애 ni esa 아이 deb aytishingiz mumkin.
Talaffuzi bir xil boʻlsa ham, toʻgʻri yozishga juda ehtiyot boʻlishingiz kerak.
Menimcha, bu har qanday tilga tegishli.
Oʻzbek tilini olaylik.
“Kitob” soʻzining oxiridagi “b” koʻpincha “p” ga yaqin eshitiladi.
Lekin uni “kitop” deb yozsangiz, bu imlo xatosi boʻladi.
Shunday ekan, endi sizga 에 va 애 boʻyicha qiziqarli test beraman.
게: qisqichbaqa
개: it
~ Test ~
Toʻgʻri yozilishini tanlay olasizmi?
① [pegue] “yostiq”
(1)배개 (2)베개
Javob: (2). 베개 [begae]
② [nae] “ha”
(1)네 (2)내
Javob: (1). 네 [ne]
③ [sae myong] “uch kishi”
(1)새 명 (2)세 명
Javob: (2). 세 명 [se myeong]
Testdan koʻrinib turibdiki, koreyslarning koʻpchiligi gapirganda bu ikki tovushni farqlamasa ham, ularni suhbatda mazmunga qarab, yozuvda esa imloga qarab ajratishadi.
Koreyalik doʻstlaringizni chalkashtirib qoʻymaslik uchun har doim toʻgʻri yozishingizni tilayman.
Koreys tilini zavq bilan oʻrganing.
그럼 오늘도 행복 가득, 웃음 가득한 하루 되세요! 한국어 화이팅, 화이팅, 화이팅!!
Ushbu maqola haqida
Muallif: Tammy (koreys tili oʻqituvchisi, Tammy Korean)



